| Sayt xaritasi | Mobil versiya | | Bog'lanish
Gerb
Xorazm viloyati

Xorazm viloyati hokimligi

rasmiy veb-sayti

Yangiliklar va E'lonlar

Tashkilot faoliyatiga oid eng so'nggi yangiliklar, xabarlar va rasmiy e'lonlar

24.06.2026

O‘zbekistonda odamsimon robotlar ishlab chiqaradigan zavod qurilishi boshlandi

Mazkur loyiha doirasida qariyb 70 mln dollar investitsiya jalb etilishi, 2 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi hamda 10 gektar maydonda zamonaviy ishlab chiqarish majmuasi barpo etilishi rejalashtirilgan. Toshkent shahrida humanoid robotlar va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavod qurilishiga start berildi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi. Korxona qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimi 15 iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida «Yangi Avlod» sanoat zonasida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Qosimov, Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi elchisi Von Do Yon hamda Robotis kompaniyasi prezidenti Kim Byong Su ishtirok etdi. Qayd etilishicha, yangi korxona yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, xalqaro tajribani jalb etish va malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi. Loyiha O‘zbekistonda robototexnika sohasini rivojlantirish bo‘yicha muhim tashabbuslardan biri sifatida baholanyapti. Ma’lumot uchun, 1999 yilda asos solingan Janubiy Koreyaning Robotis kompaniyasi avtonom robototexnika sohasida jahon yetakchilaridan biri sanaladi. Aktivlari 2,5 milliard dollarni tashkil etuvchi ushbu yirik korxonaning AQSh, Yaponiya va Xitoyda vakolatxonalari mavjud. Kompaniya texnologiyalaridan Amazon, Microsoft, Apple, NASA, Google, Samsung va BMW kabi dunyoga mashhur gigantlar keng foydalanib keladi. Mazkur loyiha doirasida qariyb 70 mln dollar investitsiya jalb etilishi, 2 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi hamda 10 gektar maydonda zamonaviy ishlab chiqarish majmuasi barpo etilishi rejalashtirilgan.
24.06.2026

O‘zbekistonda Xalqaro maqom akademiyasi tashkil etilishi mumkin

O‘zbekistonda maqom san’atini o‘rganish, asrab-avaylash va xalqaro miqyosda targ‘ib qilish maqsadida Xalqaro maqom akademiyasi tashkil etilishi mumkin. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan shahrida o‘tkazilgan Uchinchi Xalqaro maqom san’ati anjumanining ochilish marosimida ma’lum qildi. Prezidentning ta’kidlashicha, Yangi Toshkent shahrida muhtasham Maqom markazini barpo etish ishlari boshlangan. Davlat rahbari ushbu majmuani Dunyo maqom markazi deb nomlash va uning qoshida Xalqaro maqom akademiyasini tashkil etish taklifini ilgari surdi. Qayd etilishicha, akademiya jahon maqom san’atining yirik ilmiy-tadqiqot markaziga aylanishi ko‘zda tutilmoqda. Unda o‘zbek maqom maktablari bilan bir qatorda arab, turk, fors, tojik, hind va boshqa sharq mumtoz musiqa yo‘nalishlari ham o‘qitiladi. Shuningdek, maqom san’atiga qiziquvchi yoshlar uchun “ustoz-shogird” an’analari asosida maxsus mahorat dasturlari yo‘lga qo‘yilishi va bu maqsadlar uchun grantlar ajratilishi rejalashtirilgan. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, markaz qoshida noyob musiqiy qo‘lyozmalar, tovush yozuvlari va nota arxivlarini jamlaydigan Xalqaro raqamli kutubxona hamda laboratoriya tashkil etiladi. Anjumanda, shuningdek, Jahon maqom antologiyasini yaratish, maqom san’atini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha xalqaro jamg‘arma tuzish va Xalqaro maqom mukofotini ta’sis etish tashabbuslari ham ilgari surildi.
24.06.2026

Namanganda sun’iy intellekt sohasidagi loyihalar taqdim etildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi doirasida Namangan davlat texnika universitetining sun’iy intellekt laboratoriyasi faoliyati bilan tanishdi. Davlat rahbariga laboratoriyada amalga oshirilayotgan innovatsion ishlanmalar hamda sun’iy intellekt bo‘yicha tayyorlangan startap loyihalar taqdim etildi. Namangan davlat texnika universitetida tashkil etilgan sun’iy intellekt laboratoriyasi talabalarning amaliy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, zamonaviy texnologiyalarni real loyihalarda qo‘llash hamda professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda. Laboratoriya tarkibida tahlil, robototexnika va bionika markazlari, startap-akselerator, to‘qqizta “aqlli” xona hamda sun’iy intellekt bo‘yicha tayyorgarlik xonalari tashkil etilgan. Bu yerda sun’iy intellekt, robototexnika, “aqlli” transport, ekologiya va agrotexnologiyalar sohalarida innovatsion ilmiy-amaliy loyihalar ishlab chiqilmoqda. Tashrif chog‘ida prezidentga viloyat, shahar va tuman hokimliklarida faoliyat yuritayotgan sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchilar tomonidan tayyorlangan qator startap loyihalar ham namoyish etildi. Davlat rahbari mazkur tajribani kengaytirish, mamlakat taraqqiyoti uchun muhim bo‘lgan sohalarga yoshlarning intellektual va ilmiy salohiyatini keng jalb qilish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, prezident yoshlar bilan muloqot qilib, ularning g‘oya va takliflarini tingladi hamda istiqbolli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash muhimligini qayd etdi.
Murojaat yuborish turlari

Telefon orqali

+998 (62) 223-15-00 telefon raqamiga qo'ng'iroq qiling va o'z masalangizni og'zaki bayon qiling.

Onlayn murojaat

Virtual qabulxonaga murojaat yuboring.

my.gov.uz